Sayt test rejimida ishlayapti

Suv taʼminotiga xususiy sektor jalb qilinmoqda

Suv taʼminotiga xususiy sektor jalb qilinmoqda

Bugungi kunda davlatimiz rahbari tomonidan davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, ichimlik suvi taʼminoti sohasida suv taʼminoti tizimlari obyektlarini modernizatsiya qilish, samarali boshqarish hamda ulardan foydalanish, shu jumladan, mahalliy tozalash inshootlarini jihozlash bo‘yicha investitsiya loyihalarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida amalga oshirish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Andijon, Namangan, Jizzax, Sirdaryo, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida jami 30 ta loyihalar bo‘yicha amaliy ishlar boshlandi.

Jumladan, sohada ilk bor aholining ichimlik suvi taʼminotini 29 foizdan 80 foizga yetkazish maqsadida Xorazm viloyatining Yangiariq va Yangibozor tumanlarida qiymati 14,5 mlrd. so‘mga teng 2 ta loyiha bitimi imzolandi va amalga oshirildi.

Shuningdek, Namangan shahar oqova suv tozalash inshootini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qurish va ekspluatatsiya qilish loyihasi bo‘yicha xalqaro tender eʼlon qilindi. Hozirda tenderda ishtirok etish qiziqishini bildirgan jami 23 ta xorijiy kompaniya bilan tenderoldi ishlari olib borilmoqda. Mazkur loyihani amalga oshirish natijasida, Namangan shahar va unga tutash 5 ta tuman aholisining oqova suv xizmatlari bilan qamrov darajasi hozirgi 10% dan 70,3% gacha yetkaziladi hamda Sirdaryo havzasining ifloslanishi va atrof-muhitga salbiy taʼsiri kamayadi.

Toshkent shahrining Bektemir, Yangihayot va Sergeli tumanlarida ham kanalizatsiya tizimlarini yaxshilash maqsadida Janubiy Koreyaning “Hyundai Engineering” kompaniyasi tomonidan davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida 2021-2023-yillarda kunlik 250 ming m3 hajmdagi oqova suv tozalash inshootini qurish va ishga tushirish rejalashtirilgan.

Mazkur loyihaning amalga oshirilishi natijasida oqova suv nasos stansiyalarida sarflanayotgan yillik 10,5 mln. kVt elektr energiyasi tejaladi va 55 ming nafar aholi oqova suv tizimlariga ulanadi. Shuningdek, oqova suvlarini tozalash samaradorligi oshadi va hudud bo‘ylab tarqaladigan noxush hid yo‘qoladi.

Sohadagi eng muhim yangiliklardan biri shuki, aholi dardini eshitish, ularning murojaatlarini beeʼtibor qoldirmaslik maqsadida sohadagi yangi loyihalar eng avvalo hududlardagi xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatlari bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

Xalq vakillarining jalb etilishi suv taʼminoti sohasi xodimlari va aholi o‘rtasida bevosita ko‘prik vazifasini o‘taydi.