Sayt test rejimida ishlayapti

2020-yil yakunlari va 2021-yilgi rejalar xususida brifing bo‘lib o‘tdi

2020-yil yakunlari va 2021-yilgi rejalar xususida brifing bo‘lib o‘tdi

Joriy yil 8-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida 2020-yilda bajarilgan ishlar va 2021-yilgi rejalarga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.

Brifingda “O‘zsuvtaʼminot” AJ tomonidan amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi rejalar haqida maʼlumot berildi.

Qayd etilganidek, hududlardagi mavjud jami 70,4 ming km. ichimlik suvi tarmoqlaridan 26,9 ming km. (38%) va 7,6 ming km. oqova suv tarmoqlaridan 1,7 ming km. qismi (22%) taʼmirtalab holga kelib qolgan.

Bundan tashqari, mavjud 4,1 mingta suv minorasidan 1,2 tasi, 2,2 mingta transformatordan 443 tasi, 97,6 mingta zadvijkadan 19,5 mingtasi, 908 ta zatvordan 182 tasi, 65,2 mingta yong‘in gidrantidan 13,1 mingtasi, 92,7 mingta kamera va quduqlardan 18,5 mingtasi, 482 ta xlorlash uskunasidan 48 tasi, 4 mingta qaytarma krandan 816 tasi, 4,7 mingta elektroshitlardan 1,2 tasi, 556 ta telferdan 112 tasi va jami 476,7 ming p/m elektr leplaridan 95,3 ming p/m qismi, mavjud 11643 ta nasos uskunasidan 3145 tasi (27%) taʼmirtalab ahvolda. Shu bilan birga, ichimlik suvi inshootlaridagi nasos uskunalarining 35 foizi maʼnan eskirgani sababli suv olish inshootlari to‘liq quvvatda ishlashiga (67 foiz) salbiy taʼsir ko‘rsatmoqda.

Shuningdek, respublika hududlarida jami 9,3 mingta ichimlik suvi inshootlari mavjud bo‘lib, shundan 3,5 mingta (38 %) inshootni rekonstruksiya qilish zarur. Suv taʼminoti korxonalarida jami 2223 ta maxsus texnika vositasi mavjud bo‘lib, shundan 511 tasi (23 %) taʼmirtalab, 198 tasi (8,9 %) yaroqsiz holga kelib qolgan.

Bu esa tizimda suv yo‘qotishlariga olib kelmoqda va energiya sarfi yuqoriligining oqibatida o‘rtacha 40,2 foiz suv yo‘qotilgan va suv taʼminoti korxonalarining elektr energiya sarfi yillik 837 mln. kVtni (368 mlrd. so‘m) tashkil etgan.

Brifingda mazkur muammolarni bosqichma-bosqich bartaraf etish maqsadida investitsiya dasturlari doirasida ichimlik suvi obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish uchun ajratilayotgan mablag‘larning 10 foizi energo tejovchi uskunalar va maxsus texnikalar xarid qilish uchun yo‘naltirilishi taʼkidlandi.

Mazkur holatlarni bartaraf etish uchun ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida tizimdagi suv yo‘qotishlari 3 mln. m3ga kamaytirilishiga yoki 2,4 mlrd. so‘m xarajatlar tejalishiga erishildi.

Bundan tashqari, Isroilning “Maya” xalqaro kompaniyasi tomonidan sunʼiy yo‘ldosh orqali Toshkent shahri ichimlik suvi quvurlarida ko‘zga ko‘rinmaydigan yer ostidagi 400 ta suv yo‘qotish holati borligi aniqlanib, 300 ga yaqini bartaraf etildi.

2020-yilda hududiy MCHJlarning o‘z mablag‘lari hisobidan 63 ta yangi maxsus texnika vositasi xarid qilinishi natijasida tarmoqlarda sodir bo‘lgan avariyalarni bartaraf etish vaqti 7-8 soatdan 2-2,5 soatga qisqartirildi. Shu tariqa yil davomida 104,2 mingta avariya bartaraf etildi.

Yana bir muhim jihat, respublikaning barcha hududlarida yangi talablar asosida ichimlik suvi taʼminoti xizmatlari uchun yangi tariflar tasdiqlandi. Mazkur tariflar hisobidan 2021-yilda 400 km. yangi tarmoqlar tortiladi, 1,1 ming km. joriy va mukammal taʼmirlanadi, 5 mingta inshoot va tarmoqlarga zamonaviy suv hisoblagichlari o‘rnatiladi, 135 ming ko‘cha kolonkasidan foydalanuvchi aholi xonadonlariga tarmoq tortiladi, 938 dona energotejamkor nasoslar xarid qilinadi, 973 dona nasos taʼmirlanadi, 165 dona maxsus texnika xarid qilinadi.

"O‘zsuvta’minot" AJ Axborot xizmati