Sayt test rejimida ishlayapti

Andijondagi suv taqsimlash zulfini havo keskin sovib ketishi oqibatida yorilgan

Andijondagi suv taqsimlash zulfini havo keskin sovib ketishi oqibatida yorilgan

2021-yil 9-yanvar kuni Andijon shahrini ichimlik suvi bilan ta’minlovchi, diametri 1400 mm. bo‘lgan “Xonobod-Andijon” markaziy ichimlik suvi quvurining suv taqsimlash zulfini (zadvijka) ob-havoning keskin sovib ketishi natijasida yorilib, favqulodda nosozlik yuzaga kelgan.

Ushbu tasodifiy holat tufayli Andijon shahri, Oltinko‘l va Andijon tumanining 20 dan ortiq mahallalarida suv ta’minoti vaqtincha to‘xtatilgan.

Holatni bartaraf etish maqsadida Andijon viloyati hokimligi, “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati va “Andijon suv ta’minoti “ MChJ tomonidan tezkor chora-tadbirlar belgilanib, maxsus shtab tashkil qilindi.

Bundan tashqari, Andijon viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Ichki ishlar boshqarmasi, “Elektr tarmoqlari korxonasi”, “Hududgazta’minot”, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi, Avtomobil yo‘llari boshqarmasi, tibbiyot va boshqa tashkilotlarning 120 nafar xodimi hamda 15 ta maxsus texnika jalb etildi.

Andijon shahri va tumani aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida Jalaquduq tumanida joylashgan “Paxtakor” yerosti suv olish inshooti orqali Andijon shahrida yashovchi aholining 35 foizi ichimlik suvi bilan ta’minlanmoqda.

“Andijon suv ta’minoti” MChJ hamda shahar va tuman hokimliklari hamkorligida qo‘shimcha ravishda 60 dona maxsus suv tashish transport vositalari va 150 nafar ishchi-xodim jalb etilib, Andijon shahar va tumanining suv ta’minoti mavjud bo‘lmagan hududlaridagi aholiga ichimlik suvi yetkazib berilmoqda.

Yuzaga kelgan favquloddagi nosozlik 11-yanvar kuni to‘liq bartaraf etilib, aholining ichimlik suvi ta’minoti 12-yanvar kuni yo‘lga qo‘yiladi.

Amalga oshirilayotgan ishlar va holat to‘g‘risida doimiy ravishda “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyatining rasmiy sahifalari orqali ma’lumotlar berib boriladi.