Sayt test rejimida ishlayapti

Dividendlar

«O‘ZSUVTA’MINOT» AKSIYADORLIK JAMIYATINING DIVIDEND SIYOSATI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMI


I. UMUMIY QOIDALAR


1. Ushbu Nizomi O‘zbekiston Respublikasining “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni, boshqa me’yoriy-normativ hujjatlar, «O‘zsuvta’minot» aksiyadorlik jamiyatining (bundan keyin matnda - jamiyat) Aksiyadorlik jamiyatlari faoliyati samaradorligini oshirish va korporativ boshqarish tizimini takomillashtirish komissiyasining 2015-yil 31-dekabrdagi № 9-sonli bayonnomasiga muvofiq ishlab chiqilgan.

2. Jamiyatning dividend siyosati yagona aksiyadorning farovonligini oshirish va Jamiyatning kapitallashuvi o‘sishini ta’minlashga qaratilgan. Nizom yagona aksiyadorni va boshqa manfaatdor shaxslarni Jamiyatning dividend siyosati haqida xabardor qilish maqsadiga ega. Jamiyatning dividend siyosati Jamiyatning investitsiyaviy jozibadorligi va kapitallashuvining o‘sishini ta’minlashga qaratilgan va yagona aksiyadorni va boshqa manfaatdor tomonlarni Jamiyatning dividend siyosati to‘g‘risida xabardor qilishga qaratilgan.

Dividend - Jamiyat foydasining qismi bo‘lib, yagona aksiyadorga to‘lash uchun yo‘naltiriladi.

Agar Jamiyat yagona aksiyadoriga dividendlar to‘lash bilan bog‘liq qaysidir masalalar O‘zbekiston Respublikasining “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlar huquqlarining himoyasi to‘g‘risida”gi Qonuni normalari bilan, O‘zbekiston Respublikasining boshqa me’yoriy hujjatlari bilan Jamiyat ustavi va ushbu Nizom bilan tartibga solinmagan bo‘lsa, unday taqdirda ular yagona aksiyadorning huquq va manfaatlarini ta’minlash zaruratidan kelib chiqib hal qilinmog‘i lozim.

3. Jamiyat kapitallashuvning o‘sishiga yagona aksiyadorning Jamiyat aksiyalaridan daromadlar chiqarish bo‘yicha mulkiy manfaatlarini qondirishning asosiy usuli sifatida qaraydi. Dividend siyosati Jamiyat tomonidan olingan foydaning aksiyalarning bozor bahosini oshirish maqsadida kapitallashtirish o‘rtasidagi nisbatini maqbullashtirishdan iborat.

4. Jamiyatning dividend siyosati quyidagi asosiy tamoyillarga asoslanadi:

- shaffoflik tamoyili, bunda dividend siyosatini amalga oshirishda ishtirok etayotgan tomonlarning majburiyatlari va javobgarligi to‘g‘risidagi, shu jumladan, dividendlar to‘lovi va miqdori xususida qaror qabul qilish tartibi va shartlari borasidagi axborotlarni aniqlash va oshkor etish nazarda tutiladi;

- o‘z vaqtidalik tamoyili, dividend to‘lovlarini amalga oshirish chog‘ida vaqt chegaralarini o‘rnatishni nazarda tutadi;

- asoslanganlik tamoyili, bu dividendlar to‘lovi va miqdori to‘g‘risidagi qaror, faqat Jamiyat tomonidan taraqqiyot rejalari va uning investitsiyaviy dasturlarini inobatga olgan holda, ijobiy moliyaviy natijalarga erishilgan taqdirdagina qabul qilinishi mumkinligini anglatadi;

- adolatlilik tamoyili, aksiyadorning dividendlar to‘lovi, miqdori va to‘lash tartibi to‘g‘risida qabul qilinadigan qarorlar borasidagi axborotlarni olishga bo‘lgan teng huquqlarini ta’minlashni anglatadi;

- izchillik tamoyili, dividend siyosati protseduralari va tamoyillarining ijro etilishini anglatadi;

- rivojlanish tamoyili, korporativ boshqaruv protseduralarini yaxshilash va Jamiyatning strategik maqsadlari o‘zgarishi munosabati bilan uning qoidalarini qayta ko‘rib chiqish doirasida dividend siyosatini doimiy takomillashtirishni ko‘zda tutadi;

- barqarorlik tamoyili, Jamiyatning dividend to‘lovlarining turg‘unlik darajasini ta’minlashga intilishini anglatadi.

5. Joylashtirilgan aksiyalar bo‘yicha dividendlar to‘lash yoki to‘lamaslik to‘g‘risida qaror qabul qilish huquqiga Jamiyatning yagona aksiyadori ega.

6. E’lon qilingan dividendlarni to‘lash Jamiyatning majburiyati hisoblanadi. Jamiyat ushbu majburiyatni bajarmaganlik uchun yagona aksiyador oldida O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq javobgar bo‘ladi.

Quyidagi aksiyalar bo‘yicha dividendlar hisoblanmaydi va to‘lanmaydi:

- muoamalaga chiqarilmagan (joylashtirilmagan);

- Jamiyat balansiga sotib olingan va/yoki pul to‘lab qaytarib olingan;

- O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida ko‘zda tutilgan boshqa hollarda.

7. Agar dividendlar to‘lanadigan paytda jamiyatda bankrotlik belgilari mavjud bo‘lsa yoki jamiyatda shunday belgilar dividendlarni to‘lash natijasida paydo bo‘lsa, va/yoki jamiyat sof aktivlarining qiymati uning ustav fondi (ustav kapitali) va zaxira fondi summasidan kam bo‘lsa, aksiyalar bo‘yicha dividendlar to‘lash to‘g‘risida qaror qabul qilishga hamda dividendlar to‘lashga haqli emas.


II. DIVIDENDLAR MIQDORINI ANIQLASH VA HISOBLASH TARTIBI


8. Jamiyat moliyaviy yilning natijalariga ko‘ra joylashtirilgan aksiyalar bo‘yicha dividendlar to‘lash to‘g‘risida qaror qabul qilishga haqli. Bunda 7-band mustasno.

Dividendlar jamiyatning tasarrufida qoladigan sof foydasidan va (yoki) o‘tgan yillarning taqsimlanmagan foydasidan to‘lanadi. Jamiyatning moliyaviy ahvoli yomonlashuvining oldini olish uchun dividendlar uchun mablag‘ aylanmasidan olinishi natijasida Jamiyat foyda hisobidan zaxira fondini tashkil qiladi va har yili Jamiyat sof foydasining kamida 5 foizini ajratadi. Shu bilan birga, Jamiyat ixtiyorida taqsimlanganidan keyin qolgan foyda, Jamiyatning kapitallashuvini oshirish uchun qayta investitsiyalash uchun ishlatiladi.

9. Jamiyatning yagona aksiyadori har bir toifadagi aksiyalar bo‘yicha dividendlar to‘lash haqida qaror qabul (e’lon) qiladi. Jamiyatning kengashi Jamiyatning yagona aksiyadori aksiyalar bo‘yicha dividendlar miqdori va ularni to‘lash tartibi yuzasidan tavsiyalar taqdim etadi. Dividendlar miqdori kengashi tomonidan tavsiya etilganidan ortiq bo‘lishi mumkin emas.

10. Dividendlar to‘lash haqidagi qaror (e’lon) bilan quyidagilar aniqlanishi lozim:

− aksiyalarning ular bo‘iycha dividendlar to‘lanadigan (e’lon qilinadigan) toifasi (turi)ni;

− muayyan toifadagi bitta aksiyaga to‘lanadigan hisobdan kelib chiqqan holda dividend miqdorini;

− dividendlar to‘lash muddati va tartibini.

Dividendlar to‘lanishi chog‘ida aksiyadorlardan hech qaysi to‘lov muddatlari bo‘yicha ustunlikka ega bo‘lmaydi.

11. Yagona aksiyador yig‘ilishiga barcha turdagi aksiyalar bo‘yicha tavsiya etiladigan dividendlar miqdori Kengash tomonidan quyidagi omillardan kelib chiqqan holda belgilanadi:

- tegishli davr uchun soliqlar undirilgandan so‘ng Jamiyat ixtiyorida qoladigan BHMS bo‘yicha sof foyda miqdorini;

- kelgusi davrlar uchun Jamiyatning moliyaviy-xo‘jalik rejasini;

- Jamiyatning tegishli davr oxirida muomalada bo‘lgan vositalari tuzilishini;

- Jamiyatning tegishli davr oxiridagi qarzidan.

12. Tavsiya etiladigan dividendlar miqdorini aniqlash chog‘ida Kengash Jamiyatning kelgusi davrlarga mo‘ljallangan moliyaviy-xo‘jalik rejalarini, Jamiyatning muomalada bo‘lgan vositalari va majburiyatlarining joriy va istiqboldagi holatini e’tiborda tutmog‘i lozim. Jamiyat yagona aksiyadori Kengash tomonidan tavsiya etiladigan dividendlar to‘lovi, Jamiyat tomonidan kelgusi davrlar uchun tasdiqlangan moliyaviy-xo‘jalik rejasida ko‘zda tutilmagan qo‘shimcha qarzga oid moliyalashtirishlar jalb etilishiga olib kelmasligi lozim.


III. DIVIDENDLAR TO‘LASH TARTIBI VA MUDDATLARI


13. Jamiyat dividendlarni pul vositalari bilan yoki to‘lovning boshqa qonuniy vositalari bilan yoxud jamiyatning qimmatli qog‘ozlari bilan to‘laydi. E’lon qilingan dividendlar O‘zbekiston Respublikasining milliy valyutasida to‘lanadi.

14.Dividendlarni to‘lash muddati yagona aksiyadori qarori bilan belgilanadi, biroq yagona aksiyador tomonidan dividendlar to‘lash haqida qaror qabul qilingan kundan boshlab 60 kundan oshmasligi lozim.

15. Agarda Jamiyatning qimmatli qog‘ozlari egalari qo‘shib hisoblangan dividendlarni yagona aksiyadori tomonidan belgilangan muddatlarda ololmagan bo‘lsalar, Jamiyat bunday (olinmagan) dividendlarni to‘lashda davom etadi. Olinmagan dividendlarni to‘lash davri Jamiyat tomonidan e’lon qilingan dividendlarni to‘lash bo‘yicha majburiyatini ijro etish muddati tugagan sanadan boshlab uch yildan oshmasligi lozim. Olinmagan dividendlar uchun foizlar qo‘shib hisoblanmaydi va to‘lanmaydi.

16. Dividendlar yagona aksiyadori tomonidan belgilangan muddatlarda jamiyatning aybi bilan to‘lanmagan (olinmagan) taqdirda to‘lanmagan (olinmagan) dividendlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan qayta moliyalashtirish stavkalaridan kelib chiqqan holda penya hisoblanadi. To‘lanmagan (olinmagan) dividendlar bo‘yicha hisoblanadigan penyalar miqdori to‘lanmagan (olinmagan) dividendlar miqdorining 50 foizidan ortiq bo‘lmasligi kerak.

17. Jamiyatning o‘z funksiyalari qatorida yagona aksiyador bilan ishni tashkil etish va olib borishga mas’ul bo‘lgan tarkibiy bo‘linmasi Jamiyatning buxgalteriyasi bilan birgalikda Jamiyat tomonidan dividendlarni to‘lash bo‘yicha ushbu Nizomda ko‘zda tutilgan barcha tadbirlarni tayyorlash, muvofiqlashtirish va o‘tkazishni amalga oshiradi.

18. Aksiyador o‘ziga oid ma’lumotlardagi o‘zgarishlar haqida uning aksiyalarga bo‘lgan huquqlarini hisobga olish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi Markaziy depozitariyni va (yoki) investitsiya vositachisini o‘z vaqtida xabardor qilishi shart. Aksiyador o‘ziga oid ma’lumotlar o‘zgarganligi haqidagi axborotni taqdim etmagan hollarda, aksiyadorning o‘z aksiyalariga bo‘lgan huquqlarini hisobga olish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi Markaziy depozitariy va (yoki) investitsiya vositachisi buning oqibatida aksiyadorga yetkazilgan zarar uchun javobgar bo‘lmaydi.

19. Agarda aksiyador o‘zining bank rekvizitlarini yoki dividendlarni o‘tkazish manzilini noto‘g‘ri ko‘rsatgan bo‘lsa yoki ko‘rsatib o‘tilgan rekvizitlar haqida Jamiyatga xabar bermagan bo‘lsa yoxud ular haqida o‘z vaqtida xabar qilmagan bo‘lsa, bular tufayli aksiyadorga yetkazilgan zararlar uchun Jamiyat javobgar hisoblanmaydi. Ushbu bandda ko‘rsatilgan sabablar tufayli aksiyadorning aybi bilan noto‘g‘ri o‘tkazilgan didvidendlar summasi Jamiyatga qaytarilgandan so‘ng, ularni aksiyadorga aniqlashtirilgan rekvizitlar bo‘yicha takroriy o‘tkazish ularni qaytarish va takroriy o‘tkazish uchun ketgan xarajatlar ushlab qolingan holda amalga oshiriladi.

Har qanday aksiyador Jamiyatga yoki Ro‘yxatga oluvchiga o‘zining dividend olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar ro‘yxatiga qo‘shilgan/qo‘shmaganligi yuzasidan hamda aksiyalar bo‘yicha dividendlarni hisob-kitob qilish tartibi, dividendlar summasini qo‘shib hisoblash va soliqqa tortish tartibi to‘g‘risida, to‘lash shartlari xususida axborot taqdim etish so‘rovi bilan murojaat qilish huquqiga ega. Jamiyatga so‘rov kelib tushgan taqdirda u so‘rov kelib tushgan kundan boshlab yetti ish kuni ichida aksiyadorga javob tayyorlaydi va agar axborot olishning o‘zgacha tarzi ko‘rsatilmagan bo‘lsa, uning pochta manziliga jo‘natadi.

20. Jamiyatning aksiyalari bo‘yicha dividendlar olish huquqiga Jamiyat yagona aksiyadorga tegishli dividendlar to‘lovi haqidagi qaror (e’lon) qabul qilinuvchi umumiy yig‘ilishida qatnashish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar ro‘yxati tuziladigan sanada tuzilgan ro‘yxatga kiritilgan shaxs ega.

21. Jamiyat yagona aksiyadorga o‘ziga tegishli aksiyalar bo‘yicha daromadlarni to‘lash chog‘ida soliq agenti hisoblanadi va qo‘shib hisoblangan dividendlarni to‘lashni O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq qimmatli qog‘ozlardan olinadigan daromadlar uchun o‘rnatilgan soliqlarni ushlab qolgan holda amalga oshiradi. O‘ziga nisbatan soliqqa tortishning standart stavkalari qo‘llanilmaydigan aksiyador, O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq tasdiqlovchi hujjatlarni Jamiyatga (uning tarafidan jalb etilgan to‘lov agentiga) taqdim etadi. Agar aksiyadorga nisbatan qo‘llaniladigan soliq stavkalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar Jamiyatga (to‘lov agentiga) unga dividendlar to‘langandan so‘ng kelib tushgan bo‘lsa, ortiqcha to‘langan soliqni qaytarish Jamiyat (to‘lov agenti) tomonidan amalga oshirilmaydi.


IV. E’LON QILINGAN DIVIDENDLAR TO‘LOVI UCHUN JAVOBGARLIK


22.Jamiyat har bir turdagi aksiyalar bo‘yicha e’lon qilingan dividendlarni to‘lashga majbur.

23. Jamiyat yagona aksiyadoriga dividendlarni to‘liq va o‘z vaqtida to‘lash uchun Jamiyatning Ijroiya organi - Bosh direktori javobgar hisoblanadi. Ijroiya organni- Bosh direktori harakatlari ustidan nazorat organi Jamiyatning Kengash tomonidan Taftish komisiyasi bilan birgalikda amalga oshiriladi.

24. Hisoblangan dividendlar to‘lovini ta’minlash maqsadida Kengash o‘z majlislarida dividendlar to‘lovining borishi haqidagi masalani ko‘rib chiqadi. Jamiyat Ijroiya organi- Bosh direktori aybi bilan dividendlar to‘liq yoki o‘z vaqtida to‘lanmagan taqdirda Kengash aybdor shaxslarning javobgarligi choralarini belgilaydi va tegishli sanksiyalar qo‘llaydi yoki ularni qo‘llashni boshlaydi.

25. Jamiyat tomonidan o‘z majburiyatlari bajarilmagan taqdirda, aksiyadorlar har bir turdagi aksiyalar bo‘yicha e’lon qilingan dividendlarni to‘lashni sud tartibida talab qilishga haqli.

26. Dividendlardan soliq ushlab qolish va o‘tkazish yuzasidan Jamiyat zimmasiga yuklatilgan soliq agenti majburiyatlarini bajarmaganlik yoki munosib tarzda bajarmaganlik uchun Jamiyat O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq javob beradi.


V. AXBOROTLARNI OSHKOR ETISH TARTIBI


27. Ushbu Nizom hamda unga kiritiladigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar Jamiyat tomonidan Jamiyatning internet tarmog‘idagi veb-saytida (www.uzst.uz) O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligida nazarda tutilgan muddatlarda oshkor etiladi.

28. Jamiyat yagona aksiyadori yig‘ilishi natijalari bo‘yicha axborotni ahamiyatli faktlar to‘g‘risi xabarlar shaklida qonunchilikda ko‘zda tutilgan muddatlarda oshkor etadi.

29. Jamiyat tomonidan dividendlar to‘lash bo‘yicha o‘z majburiyatlarini ijro etganlik faktiga doir tegishli axborotni Jamiyat ahamiyatli faktlar to‘g‘risi xabarlar shaklida qonunchilik tomonidan o‘rnatilgan muddatlarda oshkor etadi.


VI. YAKUNIY QOIDALAR


30. Ushbu Nizom Jamiyat Kengashning, uning majlisda ishtirok etayotgan yoki sirtdan ovoz berishda ishtirok etayotgan a’zolarining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilingan qaroriga binoan tasdiqlanadi.

31. Mazkur Nizomga kiritiladigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar Jamiyat Kengashning, uning majlisda ishtirok etayotgan yoki sirtdan ovoz berishda ishtirok etayotgan a’zolarining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilingan qaroriga binoan tasdiqlanadi.

32. Agarda mazkur Nizomning ayrim moddalari O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi bilan va/yoki Jamiyat Ustavi bilan zid bo‘lsa, ushbu moddalar o‘z kuchini yo‘qotadi hamda Nizomga tegishli o‘zgartirishlar kiritilgunga qadar mazkur moddalar bilan tartibga solinuvchi masalalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga va/yoki Jamiyat Ustaviga asosida ish ko‘rish ko‘riladi.